responsibility
2026 Yil 20 noyabr

O‘zbekiston farmatsevtika sohasidagi islohotlari uchun nufuzli xalqaro CPHI Pharma Awards 2026 mukofotiga sazovor bo‘ldi

O‘zbekistonning dori vositalari narxlarini maqbullashtirish, farmatsevtika bozorida shaffoflikni ta’minlash va aholining sifatli hamda xavfsiz dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbusi xalqaro miqyosda e’tirof etildi.

2026-yil 6-oktabr kuni Italiyaning Milan shahrida farmatsevtika sanoatidagi eng muhim xalqaro tadbirlardan biri — CPHI Pharma Awards 2026 mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi “Excellence With Purpose” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.

Mazkur xalqaro mukofot Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan “Making Medicines Affordable in Uzbekistan: Reference Pricing, Digital Monitoring and Public Access” — “O‘zbekistonda dori vositalarini hamyonbop qilish: referent narxlar, raqamli monitoring va ochiq ma’lumotlar” loyihasi uchun topshirildi.

Loyihaning asosiy maqsadi va yo‘nalishlari

Loyihaning asosiy maqsadi — aholining sifatli, xavfsiz va maqbul narxlardagi dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, farmatsevtika bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda narxlarni belgilash jarayonida shaffoflikni ta’minlashdan iborat.

Ushbu tashabbus uchta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi:

1. Referent narxlarni shakllantirish

Dori vositalarining narxlarini xalqaro va mintaqaviy bozorlar bilan taqqoslash asosida maqbul narx chegaralarini belgilash mexanizmlarini takomillashtirish. Bu orqali dori vositalari narxlarining asossiz oshirilishining oldini olish va bozorda adolatli narx shakllanishiga erishish ko‘zda tutilgan.

2. Raqamli monitoring tizimini rivojlantirish

Farmatsevtika bozorida dori vositalari narxlarini muntazam kuzatib borish, aniqlangan nomuvofiqliklarni tahlil qilish va tegishli nazorat choralarini amalga oshirishda raqamli texnologiyalardan foydalanish. Ushbu mexanizm narxlar ustidan nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

3. Aholi uchun ochiq ma’lumotlar va axborotdan foydalanish imkoniyati

Fuqarolarga dori vositalarining narxlari haqida ochiq, ishonchli va qulay ma’lumot taqdim etish orqali ularning ongli tanlov qilish imkoniyatlarini kengaytirish. Bu, o‘z navbatida, farmatsevtika bozorida iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga yordam beradi.

Loyihaning amaliy natijalari

CPHI Pharma Awards tashkilotchilari tomonidan e’lon qilingan loyiha tavsifida tashabbusning iqtisodiy va ijtimoiy samaradorligini ko‘rsatuvchi muhim natijalar qayd etilgan.

Jumladan:

  • Taxminan 2 000 turdagi import dori vositalarining ulgurji narxlari 40–60 foizga kamaytirilgan.
  • 2026-yil davomida referent narx tizimi bilan qamrab olinishi rejalashtirilgan dori vositalari soni qariyb 6 000 tani tashkil etadi.
  • Loyiha natijasida taxminan 70 million AQSH dollari miqdorida iqtisodiy samara qayd etilgan.
  • Narxlar monitoringi jarayonida 686 000 ta narx buzilishi holati aniqlangan.
  • 12 500 dan ortiq dorixonada narxlarning asossiz oshirilishining oldi olingan.

Ushbu ko‘rsatkichlar loyihaning nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham ega ekanligini namoyon etadi.

CPHI Pharma Awards — xalqaro farmatsevtika sanoatining nufuzli mukofoti

CPHI Pharma Awards farmatsevtika sanoatida innovatsiyalar, ilmiy-texnik yutuqlar, ishlab chiqarish samaradorligi, barqaror rivojlanish va ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni e’tirof etuvchi xalqaro mukofot hisoblanadi.

2026-yilgi tanlovda farmatsevtika sanoatining turli yo‘nalishlarini qamrab olgan 15 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlangan. G‘oliblarni xalqaro farmatsevtika sanoatida faoliyat yurituvchi mustaqil ekspertlardan tashkil topgan hakamlar hay’ati tanlagan.

O‘zbekistonning “Excellence With Purpose” nominatsiyasida g‘olib bo‘lishi mamlakatda aholining dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, farmatsevtika bozorini raqamlashtirish va narxlar shaffofligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro professional hamjamiyat tomonidan yuqori baholanganini anglatadi.

Xalqaro e’tirof — yangi imkoniyatlar sari muhim qadam

Mazkur mukofot O‘zbekiston farmatsevtika tizimining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish bilan bir qatorda, xorijiy farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.

Eng muhimi, ushbu tashabbus farmatsevtika sohasidagi islohotlarning markazida inson manfaatlari, dori vositalarining iqtisodiy jihatdan hamyonbopligi va aholining sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari turishi kerakligini yana bir bor namoyon etadi.

O‘zbekistonning CPHI Pharma Awards 2026 xalqaro mukofotidagi g‘alabasi — mamlakat farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning xalqaro miqyosdagi muhim e’tirofidir.